2025-yil 26-aprel kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti ma’muriyati tomonidan o‘quv va ilmiy faoliyati bilan alohida ajralib turgan, tashabbuskor 95 nafar talaba-yoshlar uchun unutilmas sayohat tashkil etildi.
Sayohat manzili — Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida, Ugam-Chotqol tog‘ tizmalari bag‘rida joylashgan va o‘zining betakror tabiati bilan mashhur Nefrit ko‘llari bo‘ldi. 160 km masofadagi ushbu so‘lim maskan o‘zining musaffo havosi, shaffof suvlari va o‘ziga xos tabiiy go‘zalligi bilan talabalarni rom etdi.
Sayohat davomida talabalar Ona Vatanimiz tabiatining betakror manzaralari, milliy qadriyatlarimizga uyg‘un hayot tarzi va o‘zaro do‘stona muhitdan bahramand bo‘ldilar. Yurtimizning tabiiy boyliklariga bo‘lgan mehr va e’tibor ularda yanada mustahkamlandi.
Bunday sayohatlar yoshlarimizda Vatanga muhabbat, tabiatni asrash, sog‘lom turmush tarziga intilish kabi fazilatlarni yanada kuchaytiradi.
Institutimizda o‘tkazilgan “Milliy qadriyatlar sayli” tadbiri talabalar uchun an’analar, ilhom va yutuqlar bayrami bo‘ldi. Tadbir davomida ishtirokchilar milliy madaniyat va qadriyatlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Sayldan yodda qolgan muhim lahzalar:
“Milliy libos” ko‘rgazmasi
Milliy raqslar
Sport bellashuvlari
Bilimlar estafetasi
“Zakovat” o‘yini
Tadbir yoshlarni ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.
22-aprel kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida talabalar ishtirokida madaniy hordiq uchun “Kino kechasi” tashkil etildi.
Avval o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, tomoshabinlar tomonidan “Forrest Gump” filmi eng ko‘p ovoz to‘plab, kechada namoyish etildi.
Tadbir davomida talabalar film orqali sabr-toqat, hayotga bo‘lgan mehr, sadoqat va iroda kabi qadriyatlarni yana bir bor his qilishdi. Kino kechasi – bu nafaqat dam olish, balki birgalikda bahramand bo‘lish, madaniy fikr almashish uchun ham ajoyib imkoniyat bo‘ldi.
Talabalar turar joyida o‘tkazilgan Navro‘z bayrami tadbiri doirasida milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qiluvchi ko‘plab faoliyatlar tashkil etildi. Jumladan, osh damlash, sumalak tayyorlash, milliy raqslar, ayrim sport musobaqalari va xalq o‘yinlari ishtirokchilarni qiziqtirdi.
Bayramona kechada talabalar o‘z iqtidorlarini namoyon etishdi, bir-biriga iliq tilaklar bildirishdi va bahoriy kayfiyatda vaqt o‘tkazishdi. Tadbir nafaqat ko‘ngilochar, balki yoshlarimizni milliy an’ana va qadriyatlar bilan yanada yaqinlashtirishga xizmat qildi.
14-aprel kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 2025-yil 14-fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan muhim masalalar asosida tashkil etildi.
Tadbirni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Baxtiyor Nasimov ochib berdi. U o‘z nutqida Yurtboshimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish lozimligini ta’kidladi. Uchrashuv davomida talabalarni qiziqtirgan dolzarb savollarga javob berildi, fikr va takliflar tinglandi.
Bunday muloqotlar yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularni kelajakdagi rivojlanish yo‘liga undashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Intellektual bilimlar bahsi katta qiziqish va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi!
Tadbir davomida talabalar va ular bilan birgalikda ustozlarimiz ham o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazib, qizg‘in bahslarda ishtirok etishdi. Aql va tafakkur jangida eng kuchlilar o‘zini namoyon qildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘oliblarimiz har biri kitoblar bilan taqdirlandi.
Tadbirning eng yorqin lahzalarini siz ushbu videoda tomosha qilishingiz mumkin.
Barchaga tashakkur! Ushbu bilim bahsida ishtirok etgan va qo‘llab-quvvatlagan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiramiz. Keyingi tadbirlarimizda ham faol ishtirok etishingizni kutib qolamiz!
2025-yil 1-aprel kuni “Xalqaro qushlar kuni” munosabati bilan institutimizning faol talabalari va Yoshlar ittifoqi a’zolari bilan birgalikda Toshkent hayvonot bog‘iga tashrif uyushtirildi.
Tashrif davomida talaba-yoshlar turli kam uchraydigan va noyob qush turlari bilan tanishib, ularning yashash muhiti va tabiatdagi o‘rni haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan qushlarni asrab-avaylash, tabiatni muhofaza qilish va ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha foydali maslahatlar berildi.
Ushbu tashrif nafaqat qiziqarli, balki bilimga boy va foydali bo‘ldi. Yoshlar qushlarning hayotini yaqindan kuzatib, ularning tabiatdagi o‘rnini tushunishdi va tabiatni asrab-avaylash borasida o‘z fikrlarini bildirishdi.
Kelajakda ham shunday foydali tadbirlarni davom ettirib, ekologik ongni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz!
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti (TTYSI) hamda Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) o‘rtasidagi hamkorlik doirasi yanada kengaymoqda.
Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi institut jamoasining huquqiy savodxonligini oshirish, talabalar va professor-o‘qituvchilarni amaliy huquqiy bilimlar bilan ta’minlash, shuningdek, qonuniy huquq va majburiyatlarni chuqur tushunishga ko‘maklashishdir.
Hamkorlik doirasida tashkil etiladigan seminarlar, treninglar va master-klasslar yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tushunchasi va ijtimoiy mas’uliyat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat talabalar, balki butun oliygoh jamoasi uchun katta foyda keltiradi.
Institutimizda Yoshlar ittifoqi Boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan kibersportni rivojlantirish maqsadida talaba-yoshlar o‘rtasida “PUBG” o‘yini bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Musobaqada talabalar jamoalar shaklida ishtirok etib, bellashuvlar ko‘tarinki ruhda va yuqori sport madaniyati asosida o‘tkazildi. Ishtirokchilar o‘z mahoratlari va jamoaviy hamjihatliklarini namoyon etishdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘olib jamoalar:
1-o‘rin — RM TEAM jamoasi (Iqtisodiyot fakulteti)
2-o‘rin — Yoshlar akademiyasi jamoasi
3-o‘rin — Arizona jamoasi (Iqtisodiyot fakulteti)
Mazkur musobaqa talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat, jamoaviylik va kibersport madaniyatini rivojlantirishga xizmat qildi.
16-mart kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti jamoasi tomonidan Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida joylashgan yer maydonida “Ziyolilar bog‘i” tashkil etildi.
Mazkur tashabbus atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil hududlarni kengaytirish hamda talaba-yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, loyiha doirasida hududni obodonlashtirish va ko‘chatlar ekish ishlari amalga oshirildi.
“Ziyolilar bog‘i” kelgusida institut jamoasi va yoshlar uchun ekologik tarbiya, dam olish hamda ijtimoiy faollik maskani bo‘lib xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.
Munozaralar shiddatli, bahslar asosli, dalillar esa aniq va puxta bo‘ldi. Ishtirokchilar o‘z fikrlarini qat’iyat bilan himoya qilib, auditoriyani nutq madaniyati va mantiqiy yondashuvi bilan hayratda qoldirishdi.
Tadbir nafaqat intellektual bellashuv sifatida, balki milliy qadriyatlar hamda Bobur merosini yodga olish ruhida ham yuksak saviyada o‘tdi. Barcha ishtirokchilarga faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildiramiz!
11-fevral kuni institutimizda buyuk davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Intellektual bellashuvda 10 ga yaqin jamoa ishtirok etib, Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan savollar orqali o‘z bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazishdi. O‘yin ko‘tarinki ruhda, qizg‘in va bahsli tarzda o‘tdi.
Yakunda quyidagi jamoalar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi:
1-o‘rin — Mixed
(Iqtisodiyot fakulteti va To‘qimachilik muhandisligi fakulteti)
2-o‘rin — Winners
(Iqtisodiyot fakulteti)
3-o‘rin — Renessans
(Sanoat texnologiyalari va mexanika fakulteti)
Mazkur tadbir talabalar bilimini oshirish, tarixiy shaxslar merosini chuqur o‘rganish hamda intellektual salohiyatni rivojlantirishga xizmat qildi.
11-fevral kuni To‘qimachilik muhandisligi fakulteti tyutorlari tashabbusi bilan institutimizning iqtidorli talabasi Surxonbek Xo‘jamurodov bilan qiziqarli va mazmunli uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida Surxonbek Xo‘jamurodov institutdagi erishgan yutuqlari, tadbirkorlik faoliyati yo‘lidagi tajribasi, shuningdek, Yevropadagi hayoti va u yerda orttirgan bilim hamda ko‘nikmalari haqida talabalarga batafsil ma’lumot berdi.
Suhbat jarayonida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi, xalqaro tajriba orttirish, ilmiy izlanishlar olib borish va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim va amaliy tavsiyalar bilan tanishishdi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni yangi marralar sari ilhomlantirish va kelajakdagi maqsadlariga ishonch bilan intilishlariga xizmat qiladi.
7-fevral kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Yoshlar ittifoqi tomonidan buyuk shoir va davlat arbobi, so‘z mulkining sultoni Hazrati Mir Alisher Navoiy tavalludining 584-yilligi munosabati bilan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Mazkur o‘yin ko‘tarinki ruhda, qizg‘in bahs-munozaralar ostida o‘tdi. Ishtirokchilar o‘z bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazib, Alisher Navoiy hayoti va ijodi, shuningdek, adabiyot va umumiy bilimlar bo‘yicha savollarga javob berishdi. Tadbir yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, kitobxonlik va ma’naviy merosga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga xizmat qildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi:
Iqtisodiyot jamoasi
Renessans jamoasi
Everest jamoasi
G‘olib va ishtirokchi jamoalarni tabriklab, ularga kelgusidagi bilim va ijod yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
5-fevral kuni institutimizda Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan IT sohasiga qiziquvchi talabalar uchun “Kompyuter savodxonligi va uning hayotimizdagi o‘rni” mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminar davomida ishtirokchilarga zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, kompyuter savodxonligining ta’lim va kundalik hayotdagi ahamiyati, shuningdek, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan muhim tushunchalar berildi. Tadbir yuqori kayfiyatda, faol muhokamalar va savol-javoblar asosida samarali tarzda o‘tkazildi.