“Yoshlar — shunchaki kelajak emas, bugunning kuchi”
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan yoshlar bilan muloqot nafaqat statistik raqamlar, balki har birimiz uchun mas’uliyat chaqirig‘i bo‘ldi.
Men — TTYSI (Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti) talabasi, yoshlar yetakchisi va yosh tadbirkor sifatida ushbu uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni o‘zimning hayotiy maqsadlarim va loyihalarim bilan bevosita bog‘liq deb bilaman.
Bugun 600 mingdan ortiq yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetadi. Bu — raqam emas, bu — imkoniyat. Agar biz to‘g‘ri yo‘naltirilmasak, bu muammo bo‘lishi mumkin. Ammo tizimli yondashuv bilan bu kuchli iqtisodiy resursga aylanadi.
Yoshlar yetakchisi sifatidagi qarashim
Institutimizda yoshlar bilan ishlash jarayonida shuni tushundimki, imkoniyat bor, lekin uni to‘g‘ri tushuntirish va amaliyotga aylantirish muhim. Endilikda har payshanba “Yoshlar kuni” etib belgilangani joylarda mas’uliyatni yanada oshiradi. Bu — qog‘ozdagi tashabbus emas, real ishlash mexanizmi bo‘lishi kerak.
Ayniqsa, “Yoshlar biznes inkubatori”, “Kelajak tadbirkori”, “Mening birinchi kasbim” kabi dasturlar bitiruvchi yoshlar uchun juda muhim.
Yosh tadbirkor sifatida munosabatim
Men o‘z faoliyatimda ishlab chiqarish va tekstil yo‘nalishida ishlayotgan yosh sifatida kredit limitlarining oshirilishi, startaplarga 100 ming dollargacha investitsiya imkoniyati berilishi va franshiza asosida biznes ochish uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinishini katta qadam deb bilaman.
Bugungi kunda yosh tadbirkorlar mamlakat biznesining 35 foizini tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich kelajakda 50 foizdan oshishi kerak. Buning uchun bilim, tizim va mas’uliyat birlashishi zarur.
Bitiruvchi talaba sifatidagi qarashim
“Mening birinchi kasbim” dasturi orqali bitiruvchilarga stajirovka asosida stipendiya to‘lanishi — diplomdan ishga o‘tishdagi bo‘shliqni yopadi. Bu ayniqsa biz kabi so‘nggi bosqich talabalariga katta motivatsiya beradi.
Menimcha, eng muhim masala — yoshlarni shunchaki ish bilan ta’minlash emas, balki ularni daromadli va raqobatbardosh qilishdir.